Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Besqala Mining Valley” nomli maxsus mayning zonasi tashkil etilmoqda — bu qaror O‘zbekiston Prezidentining 17-apreldagi farmoni bilan tasdiqlandi. Loyiha investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan.
Investorlar uchun asosiy imtiyoz — 2035-yil 1-yanvargacha mayning faoliyati bo‘yicha barcha soliq va yig‘imlardan to‘liq ozod etilishidir. Soliq o‘rniga rezidentlar daromadining 1 foizini zona direksiyasiga to‘laydi, uning sof foydasi Qoraqalpog‘iston budjetiga yo‘naltiriladi. Loyihani boshqarish Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi huzurida tashkil etilgan maxsus direksiyaga yuklatilgan.
Rezident maqomini faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan, ustav kapitali kamida 2,06 mlrd so‘m bo‘lgan yuridik shaxslar olishi mumkin. Faoliyat uchun litsenziya talab etilmaydi, biroq onlayn ro‘yxatdan o‘tish majburiy. Iqtisodiy jinoyatlar, korrupsiya yoki terrorizmni moliyalashtirishda gumon qilingan yoki sudlangan shaxslarning ishtirokiga ruxsat berilmaydi.
Mayning faoliyati yagona elektr tarmog‘i orqali oshirilgan tarif bilan yoki quyosh, shamol va vodorod kabi qayta tiklanuvchi manbalardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Olingan barcha kriptovalyuta rasmiy birjalarda sotilishi shart, tushum esa O‘zbekiston banklaridagi hisob raqamlariga kiritiladi. Anonim mayning va anonim kriptoaktivlardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, rezidentlarga qishloq xo‘jaligi yerlarida mayning jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan foydalanib issiqxonalar tashkil etishga ruxsat beriladi.