Xivada III xalqaro “Lazgi” raqs festivali ochildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigida xorazmcha raqsni “asrlar davomida ezgulik, go‘zallik, tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini tarannum etib kelayotgan klassik musiqiy meros” sifatida ta’rifladi. Tabrikni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
“Lazgi” 2019 yilda YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Prezident ta’kidiga ko‘ra, festival mamlakatning “madaniy diplomatiya bo‘yicha strategik platformasi” hisoblanadi. 2026 yilda tadbir ilk bor TURKSOY xalqaro tashkiloti hamkorligida o‘tkazilmoqda, 2022 yildan buyon esa YUNESKO homiyligida tashkil etib kelinadi. Ochilish va yopilish marosimlari an’anaviy tarzda tarixiy “Ichan qal’a” majmuasida o‘tkazilmoqda.
Festivalda o‘nlab davlatlardan yuzlab san’atkorlar, raqs jamoalari, olimlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Dastur doirasida raqs san’atiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, TURKSOY mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchrashuvi, etnomadaniy forum hamda O‘zbekiston–Turkiya hukumatlararo komissiyasi Madaniyat qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: Gran-pri — 7000 dollar. “Eng yaxshi yakkaxon ijrochi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi” va “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” yo‘nalishlarida birinchi o‘rinlar — 5000 dollardan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 3000 va 2000 dollar mukofotlar beriladi. Shuningdek, “Eng yaxshi xoreograf” va “Eng yaxshi yosh raqqos” nominatsiyalari bo‘yicha ham maxsus sovrinlar topshiriladi.