O‘zbekistonda davlat muassasalarida bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni deyarli ikki baravar qisqartirish rejalashtirilmoqda. Tegishli takliflar 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid islohotlar muhokamasi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.
Rejalarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 27 kvadrat metrdan 12–15 kvadrat metrgacha tushiriladi. Natijada qariyb 4,9 mln kvadrat metr maydon bo‘shatiladi. Ushbu maydonlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish — sotish yoki ijaraga berish ko‘zda tutilgan.
Kutilishicha, bu choralar binolarni saqlash va kommunal xizmatlar xarajatlarini kamaytiradi, shuningdek, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat ulushi 42 foizni tashkil etadi, davlat ishtirokidagi korxonalar soni esa 1685 ta. 2025 yilda xususiylashtirishdan byudjetga 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tushgan, sotilgan aktivlar umumiy hajmi esa qariyb 30 trillion so‘mga yetgan.
Shu bilan birga, sohada muammolar saqlanib qolmoqda. Hukumat yangi mulkdorlarga nisbatan talablarni kuchaytirish zarurligini qayd etmoqda — xususan, ish o‘rinlarini saqlash, texnologiyalarni joriy etish va samaradorlikni oshirish masalalarida. O‘tgan yili samarasiz davlat korxonalari soni 362 taga yetgan.
Shuningdek, korxonalar moliyaviy holatini tahlil qilish va xatarlarni erta aniqlash uchun raqamli vositalar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan faolroq foydalanish rejalashtirilmoqda.
Kelgusida xususiylashtirish tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Har bir sohada ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar va raqobat darajasi alohida baholanadi.