Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 34 yoshli erkak 27 yoshli sobiq rafiqasi va ikki yoshli qizini o‘ldirdi. Fojea aliment to‘lovlari sabab kelib chiqqan janjal chog‘ida sodir bo‘lgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa 3-noyabr kuni yuz bergan. Jinoyatdan so‘ng erkak voqea joyidan yashiringan, biroq tez orada qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Majburiy ijro byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, erkakning aliment bo‘yicha 10 million so‘mdan ortiq qarzdorligi bo‘lgan va u bir necha bor ogohlantirilgan. Shuningdek, uning chet elga chiqishi cheklangan hamda ilgari to‘lovdan bo‘yin tovlash uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Jabrlanuvchi ikki farzandi bilan ota uyida yashab kelgan. Oilada ikki bola bor edi.