Andijonda tuman hokimining o‘rinbosari yer uchastkasini ajratishda yordam berish evaziga 15 ming dollar pora olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs fuqaro hujjatlarni rasmiylashtirishda o‘zining yuqori lavozimli tanishlari orqali yordam berishini va’da qilgan. U yirik yo‘l bo‘yida, 400 metrli ochiq kanal yopiq tizimga o‘tkazilgach hosil bo‘lgan 60 sotixli yer maydonini taklif qilgan. Ushbu hududda sakkizta savdo pavilyoni qurilishi rejalashtirilgan edi.
Masalani “hal qilish” uchun u 15 ming dollar talab qilgan. Mansabdor shaxs belgilangan summa olayotgan vaqtda dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud uni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llagan.