Andijonda atmosfera havosini ifloslanishidan himoya qilish maqsadidagi reydlar somsa tayyorlovchi ustalarga ham ta’sir etdi. Shahrixon tumanida somsa pishiriladigan tandirlar ekskavator yordamida buzib tashlandi. Hodisa aks etgan lavhalar 3 dekabr kuni e’lon qilingan.
Videodan ko‘rinishicha, kamida uchta oshxonadagi tandirlar buzilgan — «Uch ariq oshxonasi», «Mehmon oshxonasi» va «Bek oshxonasi».
Tuman hokimiyati bayonotida qayd etilishicha, reydlar Andijon viloyati hokimi Shuxrat Abdurahmonov topshirig‘iga asosan o‘tkazilmoqda. Ishchi guruh havoni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan obyektlarni sutkalik nazoratdan o‘tkazmoqda.
«Ertalabdan boshlab atmosfera havosini ifloslantirayotgan korxonalarning faoliyati o‘rganilmoqda. Talablarga javob bermaydigan umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat obyektlariga nisbatan faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha keskin choralar ko‘rilmoqda», — deya ta’kidlangan xabarda.
Yangilik: voqea keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, tuman hokimiyatining Telegram-kanalida e’lon qilingan xabar, video va suratlar o‘chirib tashlangan.
Bundan avval Toshkentda tutun yig‘gich (dymoulovitel) o‘rnatmasdan kabob tayyorlagan bir nechta kafe faoliyati bo‘yicha chora ko‘rilgani xabar qilingandi.