Yangiliklar
28.10.25
7362

Toshkent aeroportida yangilangan kelishlar zali va panoramali terras ochildi

Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari yakunlandi: yangilangan kelishlar zali, panoramali terasa va kengaytirilgan VIP-zal ochildi.

Toshkent xalqaro aeroportida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Yangilangan kelishlar zali, kengaytirilgan VIP-zal hamda shaharga qaragan panoramali terasa foydalanishga topshirildi.

Umumiy kelishlar zali endi ancha kengaydi — binoning old qismi 2 200 kvadrat metrga kengaytirildi. Endilikda kutish maydoni 5 000 kvadrat metrni tashkil etadi va 200 o‘rindiqqa mo‘ljallangan. Yaqin kunlarda bu yerda qahvaxonalar, barlar, muzqaymoq savdo nuqtalari, do‘kon va gul do‘koni ochiladi.

Transport uchun qo‘shimcha kirish yo‘lagi qurildi. Eski yo‘lak endilikda turist avtobuslari va rasmiy taksilar uchun, yangi yo‘lak esa kutib oluvchilar va taksi-servislar uchun ajratildi. To‘xtash muddati 10 daqiqadan oshmasligi belgilangan, qoidabuzarliklar Ichki ishlar vazirligi tizimiga ulangan kameralar orqali nazorat qilinadi.

P2 va P3 to‘xtash joylari birlashtirilib, umumiy sig‘imi 347 ta mashinaga yetkazildi. Uzoq vaqt kutish kerak bo‘lgan hollarda aynan shu avtoturargohdan foydalanish tavsiya etiladi.

Rekonstruksiya bosqichma-bosqich davom etadi — keyingi bosqichda kelish va uchish zallari birlashtirilib, umumiy maydoni 16 ming kvadrat metrdan ortiq yagona terminal majmuasi barpo etiladi. Ishlar yakunlangach, aeroportning o‘tkazuvchanlik quvvati soatiga 2 400 yo‘lovchigacha oshadi.

Shuningdek, uchish terminalining ikkinchi qavatida 2 200 kvadrat metrlik panoramali terasa ochildi. U yashil uslubda bezatilgan, soyabonlar, o‘rindiqlar va tuman hosil qiluvchi mikroiqlim tizimi bilan jihozlangan. Yoz faslida bu yerda bir nechta kafe faoliyat yuritadi, mehmonlar esa samolyotlarning parvozi va qo‘nishini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

VIP-zal ham kengaytirildi: avvalgi 1 100 kvadrat metrlik maydonga yana 300 kvadrat metr qo‘shildi. Bu esa joylar sonini oshirish hamda interyerni yorqin va zamonaviy ko‘rinishga keltirish imkonini berdi.

Avvalroq xabar berilganidek, Toshkent yaqinida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha boshqaruvi Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corp (IIAC) kompaniyasiga topshiriladi, yangi aeroport 2029-yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling