Yangiliklar
07.11.25
7618

O‘zbekiston John Deere kompaniyasidan 300 million dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qiladi

O‘zbekiston AQShning John Deere kompaniyasi bilan 300 million dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Mablag‘ning yarmi paxta terish texnikasini xarid qilishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston AQShning John Deere korporatsiyasi bilan 300 million dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda AQSh Savdo vazirligi xabar berdi.

Mazkur hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh savdo vaziri Govard Latnik ishtirokida Vashingtonda o‘tgan davra suhbati yakunida imzolangan.

AQSh Savdo vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, shartnoma qiymatining yarmi — 150 million dollar — John Deere Des Moines Works zavodida (Ankeni shahri, Ayova shtati) ishlab chiqariladigan paxta terish texnikasini xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Ushbu kelishuv AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida «C5+1» formatida imzolangan investitsion va savdo bitimlari seriyasining bir qismi bo‘ldi. Formatga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kiradi.

Shuningdek, tashrif davomida Boeing va Uzbekistan Airways o‘rtasida 8 ta qo‘shimcha Boeing 787 Dreamliner samolyotini yetkazib berish bo‘yicha yakuniy shartnoma imzolandi. Natijada aviakompaniyaning umumiy buyurtmasi 22 ta samolyotga yetdi.

Bundan tashqari, tomonlar noyob metallar qazib olish, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

AQSh prezidenti Donald Tramp erishilgan kelishuvlarni «AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi ajoyib savdo-iqtisodiy bitim» deb atadi. Uning umumiy qiymati 100 milliard dollar deb baholanmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling