Yangiliklar
30.10.25
7548

O‘zbekiston hasharot chaqishiga og‘ir allergik reaksiya bo‘lgan bemorlarni davolashning yangi usulini joriy etdi

O‘zbekiston hasharot chaqishidan keyingi anafilaktik reaksiyalarga qarshi immunoterapiyani joriy etgan dunyodagi uchinchi mamlakat bo‘ldi. Davolash usuli asalari zahri asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hasharot chaqishidan kelib chiqadigan og‘ir allergik reaksiyalarni davolash bo‘yicha yangi usulni joriy etgan dunyodagi kam sonli mamlakatlar qatoriga kirdi. Yangi texnologiya hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya markazida qo‘llanilmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, anafilaktik shok holatlarining 20–30 foizi aynan hasharot chaqishidan keyin rivojlanadi. O‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bunday holatlar o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.

Markaz direktori, professor Ilmira Razikovaning ta’kidlashicha, hasharotlarga nisbatan allergiya ko‘pincha asalari, ari, shershen va chumolilar chaqishidan keyin kuzatiladi. Og‘ir reaksiya kuchli holsizlik, qichishish, shish, nafas olishda qiyinchilik va hushdan ketish bilan kechadi.

O‘zbekistonda ilk bor Markaziy Osiyo miqyosida allergen-spetsifik immunoterapiya (ASIT) joriy etildi. Bu og‘ir allergik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ilmiy jihatdan isbotlangan yagona samarali usuldir. Davolash jarayonida bemorga asta-sekinlik bilan mikrodozalarda allergen — masalan, ari yoki asalari zahri — yuboriladi. Bu immun tizimining sezuvchanligini kamaytiradi.

Natijada organizmdagi IgE antitanachalar darajasi pasayadi, himoya vazifasini bajaruvchi IgG4 antitanachalar esa ortadi. Shu bois allergiya belgilari yengillashadi yoki butunlay yo‘qoladi, anafilaksiya xavfi esa keskin kamayadi.

Joriy yilda o‘zbekistonlik shifokorlar birinchi bor aynan ASIT uchun ishlab chiqilgan asalari zahri asosidagi dori vositasini qo‘llay boshladilar.

Bungacha bunday terapiya faqat ikki mamlakatda — Gruziya va Turkiyada — amalga oshirilgan edi. Endilikda O‘zbekiston ushbu ilg‘or usulni joriy etgan dunyodagi uchinchi mamlakat bo‘ldi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, immunoterapiya faqat simptomlarni yengillatmaydi, balki kasallikning ildiziga ta’sir qiladi. Shu bois bu usul zamonaviy tibbiyotdagi haqiqiy yutuq sifatida baholanmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling