Yangiliklar
04.12.25
7213

O‘zbekiston 2026 yilda 4,5 mln tonna paxta yetishtirishni rejalashtirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yilda 4,5 mln tonna paxta yetishtirish, o‘g‘itlar zaxirasini shakllantirish hamda kimyo sanoatida tannarxni kamaytirishni topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr kuni kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportini ko‘paytirish hamda tannarxni kamaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy maqsad — 4,5 million tonna paxta yetishtirish. Bu ko‘rsatkichga erishish uchun fosforli o‘g‘itlar zaxirasini yetarli darajada shakllantirish va ishlab chiqaruvchilarni zarur miqdorda sulfat kislotasi bilan ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, kimyo sanoatini tezlashtirilgan sur’atlarda rivojlantirish va raqamlashtirish strategiyasi qabul qilingan. 2030 yilga kelib soha hajmini kamida ikki baravar oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,5 baravarga ko‘paytirish va kimyo mahsulotlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Hozirda sohada umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 21 yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Keyingi uch yil uchun 4,5 milliard dollarlik yangi tashabbuslar shakllantirilgan.

Qayd etilishicha, bir qator yirik korxonalarda uskuna eskirgani sababli energiya sarfi juda yuqori — azotli o‘g‘itlar tannarxining 55 foizigacha aynan energiya xarajatlari to‘g‘ri keladi. Prezident energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlarni tezroq joriy etish orqali xarajatlarni kamaytirishni topshirdi.

Jahon kimyo mahsulotlari bozori tez sur’atlarda kengaymoqda. Qo‘shni davlatlarda taxminan 1 milliard dollarlik talab va qulay logistika mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekistonning eksport salohiyati yetarli darajada ishga solinmayapti. Xomashyoni chuqur qayta ishlash yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va eksportni kamida ikki baravar oshirishga imkon beradi.

Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida “yashil” o‘g‘itlar, sianid tuzlari, kaliy ksantogenati, kaliy sulfat va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari yo‘lga qo‘yildi. Prezident ushbu mahsulotlar eksportini oldindan hisoblab chiqish zarurligini urg‘uladi.

Kelgusi hosilni ta’minlash uchun fermerlarga o‘g‘it xaridiga imtiyozli kreditlarni erta berishni boshlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatini iqtisodiyotning strategik yo‘nalishi sifatida baholab, ichki bozorni barqaror ta’minlash, eksportni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 
 
Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling