O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” nomli yirik qo‘shma loyihani ishga tushirdi. Loyiha starti Toshkentda o‘tgan xalqaro sun’iy intellekt forumida prezident Shavkat Mirziyoyev va BAA hukumat vaziri Muhammad bin Abdullo al-Gargaviy ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Prezident bu tashabbusni “Bir million dasturchi” dasturining mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi va uning inson kapitalini rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.
Loyiha ko‘lami
2030 yilgacha quyidagilar o‘qitiladi:
— 4,75 mln o‘quvchi va talaba,
— 150 ming nafar o‘qituvchi,
— 100 ming nafar davlat xizmatchisi.
Sun’iy intellekt maktab, kasbiy ta’lim va oliy o‘quv dasturlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilinadi.
Maktablarda eng yaxshi startap-g‘oyalar tanlovi doirasida AI laboratoriyalari tashkil etiladi. Har bir 14 hududda g‘oliblarga jihozlangan markazlar va loyihalarni tijoratlashtirish bo‘yicha kompaniyalar ko‘magi taqdim etiladi.
AI ko‘nikmalari “Kelajak” markazlarida ham o‘rgatiladi.
Milliy darajadagi tashabbuslar
2026 yilda Nvidia bilan hamkorlikda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirishga xizmat qiladigan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi.
Shuningdek, Silikon vodiysida Texnologiyalar transferi bo‘yicha Milliy ofis ochiladi. U O‘zbekiston mutaxassislari va startaplarining global investorlar, kompaniyalar va akseleratorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini ta’minlaydi.
Prezident har yili noyabr oyini yoshlar uchun “Sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilishni va “Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi”ni o‘tkazib borishni taklif etdi.
Texnologiyalarning salohiyati
Xorijiy ekspertlar bahosiga ko‘ra, sun’iy intellektni keng joriy etish O‘zbekiston iqtisodiyotiga besh yil ichida kamida 10 mlrd dollar qo‘shimcha qiymat olib kelishi mumkin.
2030 yilga borib IT-xizmatlar eksporti 5 mlrd dollarga yetkazilishi, minglab yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Milliy strategiya
Loyiha 2024 yilda qabul qilingan 2030 yilgacha Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiya doirasida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi tashkil etilgan.
Iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash
Prezident mukofoti sifatida Sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus tanlov joriy etiladi. Har yili 100 nafar yosh mutaxassis AQSh, BAA va Yevropaning texnologik kompaniyalarida stajirovka o‘tash imkoniga ega bo‘ladi. Keyingi bosqichda o‘xshash dastur oliygohlarga ham tatbiq etiladi.
Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun 100 mln dollar yo‘naltiriladi.