Toshkentning Yakkasaroy tumanida quruvchilar yangi turar joylarni elektr tarmog‘iga ulash ishlari vaqtida ko‘p yillik daraxtlarning ildiz tizimiga zarar yetkazdi. Hodisa Next Mall ro‘parasida, Bobur ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Tekshiruvga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar sabab bo‘ldi. Guvohlar Bobur ko‘chasi, 7-manzilda joylashgan madaniy meros obyektida yer qazish ishlari olib borilayotganini bildirgan. E’lon qilingan videolarda og‘ir texnika yashil hududda transheya qazib, daraxt ildizlariga zarar yetkazayotgani aks etgan.
Murojaatlardan so‘ng Toshkent ekologiya boshqarmasining Yakkasaroy tuman bo‘limi davlat inspektorlari voqea joyiga tezkor ravishda yetib borgan. Tekshiruv qonunbuzarlik holatini tasdiqlagan.
Aniqlanishicha, Magistral Engineering Communications kompaniyasi Bobur ko‘chasidagi 3–5-uylar yaqinida ko‘p qavatli uylarni elektr tarmog‘iga ulash uchun qazish ishlarini olib borgan. Jarayon davomida bir nechta yirik daraxtlarning ildizlari shikastlangan.
Ekologlar holatni “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasi buzilishi sifatida baholagan. Kompaniyaning mas’ul shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Jarima miqdori 10 million 300 ming so‘mni tashkil etdi. Bundan tashqari, mutaxassislar o‘simlik dunyosiga yetkazilgan ekologik zararni ham hisoblab chiqqan. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22-avgustdagi 464-son qaroriga muvofiq, ekologik zarar miqdori 6,5 million so‘mdan oshgan.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, qonunbuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan barcha choralar ko‘rilgan.