Yangiliklar
04.04.26
7259

“Buyuk ipak yo‘li” metrosi yonida ikki darajali yo‘l o‘tkazgich quriladi

Toshkentdagi “Buyuk ipak yo‘li” metrosi yonida ikki darajali yo‘l o‘tkazgich va tunnel quriladi. Loyiha tirbandlikni kamaytirib, yo‘l vaqtini qisqartiradi.

Toshkentda Mustaqillik shoh ko‘chasi hamda Mirzo Ulug‘bek va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida ikki darajali avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyihani Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTM) taqdim etdi.

Yangi yo‘l o‘tkazgich “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati hududida barpo etiladi va transport infratuzilmasini kompleks modernizatsiya qilish dasturining bir qismi bo‘ladi. Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab tezkor avtobus tizimi — BRT yo‘nalishini ishga tushirish rejalashtirilgan. U Mustaqillik, Shahrisabz va Shota Rustaveli ko‘chalari bo‘ylab harakatlanuvchi yo‘nalishlar bilan bog‘lanadi.

Bundan tashqari, Durmon yo‘li chorrahasi hududida tunnel qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu transport oqimini qo‘shimcha ravishda yengillashtirishi kutilmoqda.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, loyiha amalga oshirilgach, C1 massividan Kichik halqa yo‘ligacha bo‘lgan yo‘lda qatnov vaqti tirbandlik paytida qariyb 25 foizga — 45 daqiqadan 32 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l o‘tkazuvchanligi 20 foizdan ortiq oshadi, transport vositalarining o‘rtacha tezligi esa 21 km/soatdan 26 km/soatgacha yetadi.

Shuningdek, avtobuslar harakat tezligi 23 km/soatgacha chiqishi kutilmoqda, bu esa jamoat transporti jadvalining barqarorligini oshiradi.

Hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilishi hisobiga asosiy uchastkada qurilishning faol bosqichi taxminan 50–60 kun davom etadi.

Loyiha Xitoyning China Construction kompaniyasi hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan. Transport oqimlarini modellashtirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan bo‘lib, bu eng maqbul muhandislik yechimini tanlash imkonini bergan.

Moliyalashtirishni avval Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilishda ishtirok etgan investor ta’minlaydi. Loyihaning yakuniy qiymati aniqlashtirilmoqda va hozirda ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling