Toshkentliklar “Brodvey” deb ataydigan Sayilgoh ko‘chasi, shuningdek unga tutash skver va sayr hududlari kompleks tarzda yangilanadi. Hududning hozirgi holati tahlili rekonstruksiya zaruratini ko‘rsatdi: eskirgan qoplama, zamon talabiga javob bermaydigan yoritish tizimi va to‘siqsiz muhitning yo‘qligi shaharning asosiy piyodalar ko‘chasini aholiga noqulay qilib qo‘ymoqda.
Poytaxt hokimligi rejasiga ko‘ra, yo‘lak qoplamasi to‘liq almashtiriladi, favvoralar ta’mirlanadi, hudud yangi o‘rindiqlar va zamonaviy yoritish bilan jihozlanadi. Yagona dizayn-kod joriy etilishi doirasida tartibsiz reklama va noqonuniy qurilmalar demontaj qilinadi, savdo nuqtalari esa yagona estetik va sanitariya standartlariga moslashtiriladi. Yangilangan hudud xavfsizlikni ta’minlash uchun videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanadi.
Yashil hududlarga alohida e’tibor qaratiladi: mutaxassislar saqlab qolish rejalashtirilayotgan mavjud daraxtlarni o‘rganmoqda. Ularga qo‘shimcha ravishda hududda kamida ming tup yangi ko‘chat va manzarali butalar ekiladi.
Hokimiyatda ta’kidlashlaricha, keng ko‘lamli o‘zgarishlarga qaramay, “Brodvey”ning o‘ziga xos muhiti saqlanib qoladi — ko‘cha rassomlari va musiqachilar faoliyatini davom ettiradi, biroq endi yanada qulay sharoitlarda.