AQShning Rod-Aylend shtati, Providens shahrida joylashgan Braun universitetida sodir bo‘lgan otishma oqibatida ikki nafar talaba halok bo‘ldi. Qurbonlardan biri O‘zbekiston fuqarosi — MuhammadAziz Umurzokov ekani uning yaqinlari hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlandi.
Marhumning oilasi MuhammadAziz kelajakda neyroxirurg bo‘lib, odamlarga yordam berishni orzu qilganini ma’lum qildi. GoFundMe platformasida joylashtirilgan murojaatda u mehribon, aqlli va qat’iyatli inson sifatida ta’riflanib, yaqinlari uchun har tomonlama ibrat bo‘lgani qayd etilgan.
Oilaning qo‘llab-quvvatlanishi uchun xayriya aksiyasi tashkil etildi. Nashr vaqtiga kelib unda 3 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Dastlab xayriya mablag‘lari 135 ming dollardan oshgan bo‘lsa, dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 ga kelib ularning umumiy miqdori qariyb 200 ming dollarga yetdi.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmati marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirib, mamlakatning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari oila bilan doimiy aloqada ekanini va zarur yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. Amerika–O‘zbekiston assotsiatsiyasi ham halok bo‘lgan talabaning oilasiga hamdardlik izhor etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, MuhammadAziz Umurzokov AQShda ulg‘aygan va Virjiniya shtatidagi Midlotian shahrida maktabni tamomlagan. Otishma oqibatida yana to‘qqiz kishi jarohat olgan. Jabrlanganlardan biri shifoxonadan chiqarilgan, yana birining ahvoli og‘ir, biroq barqaror deb baholanmoqda.
AQSh rasmiylari dastlab 24 yoshli sobiq harbiy xizmatchi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan, biroq keyinchalik dalillar yetarli emasligi sababli u ozod etilgan. Otishmaga aloqador shaxsni aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari davom etmoqda.