O‘zbekistonda milliy valyutadagi muddatli omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari so‘nggi to‘rt yildagi eng past darajaga tushdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida o‘rtacha tortilgan stavka 18,1 foizni tashkil etdi — bu fevralga nisbatan 0,9 foiz punktga kam va 2022 yil martidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Aholi omonatlari bo‘yicha stavkalar deyarli o‘zgarmadi — 20,5 foiz darajasida saqlanib qoldi, korporativ depozitlar bo‘yicha esa daromadlilik keskin pasayib, 15,5 foizga tushdi.
Daromadlilik pasayishiga qaramay, depozitlar umumiy hajmi o‘sishda davom etmoqda. Mart oyida u 12,1 trillion so‘mga oshib, 1 aprel holatiga ko‘ra 433,9 trillion so‘mga yetdi. O‘sishning asosiy qismi korporativ depozitlar hisobiga ta’minlandi — 10 trillion so‘mga ko‘paygan, aholi omonatlari esa 2,05 trillion so‘mga oshgan.
Mart oyidagi asosiy tendensiya — jismoniy shaxslar omonatlari bozorida yetakchilikning almashishi bo‘ldi. Davlat banklari aholining depozit bazasini yillik hisobda 23,44 trillion so‘mga oshirdi, xususiy banklarda esa bu ko‘rsatkich 13,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, bir yil avval xususiy banklar davlat banklaridan oldinda edi — mos ravishda 22,1 va 18,5 trillion so‘m.
Ikki bank guruhi o‘rtasidagi farq tez sur’atlarda qisqarib bormoqda. Agar ikki yil avval xususiy banklardagi aholi omonatlari hajmi davlat banklarinikidan 32,9 foizga yuqori bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu farq atigi 7,4 foizni tashkil etadi: 85,9 trillion so‘mga nisbatan deyarli 80 trillion so‘m.
Mart oyida aholi mablag‘larining eng katta oqimi O‘zbekiston Milliy banki, Ipoteka-bank va Tenge Bankda qayd etildi. Aksincha, sakkizta xususiy bankda jismoniy shaxslar omonatlari hajmi kamaygan, jumladan TBC Bank, Octobank va Hamkor Bankda. Ushbu banklar yo‘qotishlarni korporativ depozitlar hisobiga qoplagan.