Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarning poytaxti Doxada bo‘lib o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Ikkinchi jahon sammitida ishtirok etmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston Milliy ijtimoiy himoya agentligi “O‘zbekiston — ochiq eshiklar mamlakati” nomli milliy stendni taqdim etdi. Unda so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar, shuningdek, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatni “yagona darcha” tizimida birlashtirgan yangi model namoyish etildi.
Bundan tashqari, agentlik xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro maxsus sessiya tashkil etdi. Unda global chaqiriqlar, zaif qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashdagi inklyuziv yondashuv va O‘zbekistonning adolatli ijtimoiy himoya tizimini shakllantirish borasidagi tajribasi muhokama qilindi.
Sammit doirasida agentlik direktorining o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev Qatarning Ijtimoiy ishlar jamg‘armasi bosh direktori Rashid Al-Naimi bilan uchrashdi. Tomonlar SHAFALLAH, AMAN, EBRAR va WAFA reabilitatsiya markazlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga kelishib oldi. Hamkorlik nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, keksalar, bolalar hamda zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Alohida yo‘nalish sifatida O‘zbekiston ijtimoiy xodimlari uchun malaka oshirish dasturi belgilandi. Unga ko‘ra, mutaxassislar Qatarda stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastlabki bosqich bolalar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, ijtimoiy himoya sohasida qo‘shma tadqiqotlar, yoshlar va ko‘ngillilar tashabbuslarini rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.