O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11–12 dekabr kunlari Turkmanistonga ishchi tashrif bilan boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan O‘zbekiston rahbari Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi e’lon qilinganining 30 yilligiga, Xalqaro betaraflik kuniga hamda 2025 yilning “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinishiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi.
Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev “Tinchlik va ishonch: barqaror kelajak yo‘lida maqsadlarning birligi” mavzusidagi forumning yalpi majlisida nutq so‘zlaydi. Ashxobodga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, shuningdek xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ham kelishi kutilmoqda. Qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.