Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni paxtachilik samaradorligini oshirish va agrar sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar bilan tanishdi.
Qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi: YaIMning 20 foizini shakllantiradi, yiliga 467 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradi va 3,5 million aholiga bandlik yaratadi. O‘zbekiston eksportining uchdan biri – yangi va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari.
Ta’kidlanishicha, paxta hosildorligini oshirish uchun bir qator choralar taklif etilgan: past hosilli xo‘jaliklar bilan tizimli ishlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va agronomlar tayyorlash tizimini yangilash.
Muhim yangiliklardan biri — murabbiylik tizimini yo‘lga qo‘yishdir:
– gektaridan 60 sentnerdan ortiq hosil olayotgan tajribali fermerlar hosildorligi 30 sentnerdan past xo‘jaliklarga biriktiriladi;
– murabbiylar qayta tayyorlovdan o‘tkaziladi va sertifikat oladi;
– agar biriktirilgan fermer 50 sentner hosildorlikka erishsa, murabbiyga 5 million so‘m mukofot beriladi.
Agar universitetlari talabalari uchun ikki yillik dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Ular klaster va xo‘jaliklarda amaliyot o‘tashadi. O‘qituvchilar va mutaxassislar uchun rag‘batlantiruvchi to‘lovlar belgilanishi kutilmoqda.
Mahalliy paxta navlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonni tezlashtirish maqsadida Prezident Genomika va bioinformatika markazi hamda Paxtachilik institutida fitotron va reproduksion issiqxona qurishni topshirdi. Bu yangi navlarni yaratish muddatini 2,5 baravar qisqartiradi va urug‘ importiga qaramlikni kamaytiradi.
Shuningdek, paxtani plyonka ostida yetishtirish texnologiyasini kengaytirish hamda agrodronlardan foydalanishni ko‘paytirish rejalar ham taqdim etildi. Prezident bu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini qayd etdi.