O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, shuningdek, uni xalqaro miqyosda ommalashtirish muhimligini ta’kidladi.
Davlat rahbari so‘nggi sakkiz yil davomida olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘zbek tilining rivojlanishida yangi bosqich boshlanganini qayd etdi. U o‘zbek tilini “kuch va milliy o‘zlik manbai” deb atadi.
«Biz davlat tili maqomini mustahkamlash, uni zamonaviy fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tili darajasiga ko‘tarish yo‘lida katta ishlarni amalga oshirdik», — deyiladi prezident murojaatida.
Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, imlo qoidalarini yangilash, zamonaviy ensiklopediyalar va lug‘atlar yaratish, shuningdek, tilni raqamli makon va sun’iy intellekt davriga moslashtirish zarurligini ta’kidladi.
«Raqamli muhitda o‘zbek tilida ilmiy asoslangan, sifatli kontentni ko‘paytirish kerak. Sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda uni ona tilimizni targ‘ib qilish uchun ham foydalanish muhim», — dedi prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, o‘zbek tilini marketing va brending sohasida rivojlantirish zarurligini qayd etdi:
«O‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda milliy brendlarni yaratish va mahalliy mahsulotlarni xorijda targ‘ib etish — tadbirkorlarimiz uchun muhim vazifa».
Prezident tilning tarbiyaviy ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratdi:
«Yoshlar xorijiy tillarni o‘rganib, raqobatbardosh bo‘lishi lozim. Ammo milliy tafakkur va vatanparvarlikni shakllantirish uchun bola bolalikdan o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganishi kerak».
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, til siyosati inklyuzivlik va mamlakatda yashovchi barcha millat va elat tillariga hurmat tamoyillariga asoslanadi.
«Biz O‘zbekistonda yashovchi barcha millat vakillarining ona tilini o‘rganishi uchun sharoit yaratmoqdamiz, shu bilan birga, davlat tilini puxta egallash imkonini ham ta’minlayapmiz. Bugun o‘zbek tili davlat tili sifatida ko‘p millatli xalqimizni birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tabrik yakunida prezident jamiyatni ona tilini rivojlantirish va nutq madaniyatini oshirish ishlariga faolroq jalb etishga chaqirdi.