Yangiliklar
03.11.25
7549

Senat yo‘l harakati qoidalarining yengil buzilishlari uchun ogohlantirish joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi

O‘zbekiston Senati yo‘l harakati qoidalarining yengil buzilishlari uchun jarima o‘rniga ogohlantirish qo‘llashga imkon beruvchi qonunni ma’qulladi. Hujjat prezidentga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Oliy Majlis Senati 1-noyabr kuni yo‘l harakati qoidalarining yengil buzilishlari uchun jarima o‘rniga ogohlantirish chorasi joriy etilishini nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Qonun bilan shuningdek avtomatik kameralar orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklar ro‘yxati va jarima qo‘llash muddatlari aniqlashtirildi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi ma’muriy choralar har doim ham samarali emas: ko‘pchilik ishlar jarima yoki hibs bilan yakunlanadi, bu esa profilaktik ta’sir bermaydi.

«Ko‘plab davlatlarda og‘zaki yoki yozma ogohlantirish amaliyoti mavjud. Agar fuqaro birinchi marta kichik qoidabuzarlik qilsa, unga oqibatlari tushuntiriladi, biroq jarima solinmaydi. Bu qayta qoidabuzarliklar sonini kamaytiradi», — dedi senator.

Yangi qonun bilan “rasmiy ogohlantirish” nomli jazo turi kiritilmoqda. U yo‘l harakati ishtirokchisiga — haydovchi yoki piyodaga — birinchi marta yengil qoidabuzarlik sodir etgan taqdirda qo‘llaniladi. Bu chora jarima solinmaydigan, biroq bir yil davomida faqat bir marta qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ogohlantirish hisoblanadi.

Ogohlantirish chorasi quyidagi holatlarga tatbiq etilishi mumkin:

  • xavfsizlik kamarini taqmaslik, ro‘yxatdan o‘tmagan yoki texnik nosoz avtomobilni boshqarish (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi);

  • haydash vaqtida telefon yoki monitor ishlatish, to‘xtash va turish qoidalarini buzish (128-1, 128-2, 128-6, 135-1-moddalar);

  • piyodalar tomonidan yo‘lni belgilangan joydan tashqarida kesib o‘tish, svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralariga bo‘ysunmaslik, yo‘l chetida xizmat taklif qilish yoki chorva boqish (138-modda).

Shuningdek, kodeksga yangi 17-1-modda kiritilib, avtomatik kameralar orqali qayd etilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar belgilandi. Ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • xavfsizlik kamarini taqmaslik, davlat raqamisiz yoki soxta raqamli avtomobilda harakatlanish;

  • trotuar yoki veloyo‘laklarda harakatlanish;

  • haydash vaqtida telefon ishlatish.

Yo‘l chiziqlariga amal qilmaslik esa avtomatik tarzda qayd etilmaydi.

Qonun bilan jarima qo‘llash muddatlari ham yangilandi: agar qoidabuzarlik kamera orqali aniqlansa, jarima hodisa sodir bo‘lgan kundan boshlab bir oy ichida belgilanishi kerak. Agar qaror shikoyat qilinsa — bir yil ichida. Belgilangan muddat o‘tgach, jarima bekor qilinadi.

Mazkur qonun prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan ishlab chiqilgan bo‘lib, Senat tomonidan ma’qullanib, davlat rahbarining imzosiga yuborildi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling