O‘zbekistonda kreativ industriya sohasini qo‘llab-quvvatlash va ijodiy biznes rivoji uchun yanada qulay sharoit yaratish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Hujjat bir nechta qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi va bugungi kunda innovatsion o‘sishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblangan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan.
Qonundagi asosiy choralaridan biri — soha ishtirokchilari uchun soliq imtiyozlari joriy etilishidir. Unga ko‘ra, 2026–2030 yillar davomida kreativ industriya sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy mutaxassislar va kompaniyalar qator soliqlardan, jumladan QQS, foyda solig‘i va jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Mutasaddilar fikricha, bu choralar xorijiy ekspertlarni jalb qilish, amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Yangi qo‘llab-quvvatlash tizimida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlariga alohida o‘rin ajratilgan. Rezident maqomini olish uchun kompaniyalar faoliyati kreativ sohaga oid ekanini tasdiqlashi kerak. Bunda yillik daromadning kamida 80 foizi aynan kreativ faoliyat hisobidan shakllanishi lozim.
Yangi tashkil etilgan korxonalar учун o‘tish davri ham nazarda tutilgan. Biroq belgilangan talablar bajarilmasa, berilgan imtiyozlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Senatorlar ta’kidlashicha, qonunning қабул қилиниши o‘zbek loyihalarining xalqaro bozorga faolroq chiqishiga yordam beradi. Shuningdek, bu innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashda муҳим қадам bo‘ladi.