Oliy Majlis Senati 18 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekistonning 2026 yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni, shuningdek, kelgusi yil uchun soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari haqidagi hujjatni ma’qulladi.
Asosiy ma’ruza bilan Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov chiqish qildi. U makroiqtisodiy prognozlar, byudjetning asosiy parametrlari va rejalashtirilgan soliq siyosati choralari haqida ma’lumot berdi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda iqtisodiy o‘sish 6,6 foizni tashkil etishi, aholi jon boshiga YaIM 4 ming dollardan oshishi, inflyatsiya darajasi esa 7 foizdan yuqori bo‘lmasligi kutilmoqda. Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlari esa 567 trln so‘m etib belgilangan. Byudjet taqchilligi qariyb 60 trln so‘mni yoki YaIMning 3 foizini tashkil etadi.
2026 yilda bozor xizmatlari hajmi 14,5 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 6,4 foizga, qurilish 10,2 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,2 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o‘sishga kreditlash hajmining kengayishi, asosiy kapitalga investitsiyalar va oltinsiz eksport hajmining oshishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kelgusi yilda asosiy soliqlar stavkalari o‘zgartirilmaydi. Foyda solig‘i, QQS, JShDS va ijtimoiy soliq amaldagi darajada saqlab qolinadi. Vazir ta’kidlashicha, bu biznes uchun barqarorlik va prognoz qilinuvchanlikni ta’minlaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha choralar, jumladan QQSga o‘tayotgan korxonalar uchun soliq imtiyozlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq yukini kamaytirish nazarda tutilgan.
Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln so‘mni tashkil etib, uning yarmidan ko‘pi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy dasturlari va ijtimoiy to‘lovlarga sezilarli mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi va hududlarni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish davom ettiriladi.
2026 yil yakunlariga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan byudjetni YaIMga nisbatan 3 foizlik taqchillik bilan yakunlash rejalashtirilmoqda.