Yangiliklar
05.05.26
7279

Forbes ro‘yxatiga kiruvchi Saudiya xoldingi “Yangi Toshkent”da “Er-Riyod” kvartalini qurishi mumkin.

Forbes Middle East talqini bo‘yicha eng yirik 100 kompaniya qatoriga kiruvchi Saudiya Arabistonining Sumou Holding korporatsiyasi “Yangi Toshkent”da “Er-Riyod” turar-joy kvartalini qurish masalasini muhokama qildi. 2025-yilda xolding Saudiya Arabistonida umumiy qiymati 533 million dollar bo‘lgan shartnomalarni imzolagan.

“Yangi Toshkent” qurilish direksiyasida Saudiya Arabistonining Sumou Holding Company korporatsiyasi top-menejmenti bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvning asosiy mavzusi zamonaviy turar-joy majmuasini barpo etish bo‘lib, u “Er-Riyod” kvartali deb nomlanishi mumkin.

Sumou Holding Forbes Middle East talqini bo‘yicha arab dunyosidagi eng yirik 100 kompaniya qatoriga kiradi. 2025-yilning o‘zida xolding Riyod, Dammam va Al-Xobar shaharlarida 800 ta turar-joy binosini qurish uchun umumiy qiymati 533 million dollarlik shartnomalar imzolagan. Saudiya tomoni faqat qurilish bilan cheklanmay, balki loyihalarni boshqarish, bozor tahlili va ko‘chmas mulkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishni ham o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni taklif etmoqda.

Kompaniya vakillari “kelajak shahri” loyihalari qurilish jarayoni bilan ham tanishdi. Tomonlar hozirda loyihaning texnik tafsilotlari va amalga oshirish bosqichlarini muhokama qilishni davom ettirmoqda.

Agar kelishuvga erishilsa, bu “Yangi Toshkent”ni rivojlantirishga yirik xalqaro quruvchilarni jalb etish va Saudiya Arabistoni bilan biznes aloqalarini mustahkamlash yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling