Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ayollar va bolalarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish va erta homiladorlik sabablari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Uchrashuvda u har bir zo‘ravonlik holatiga tezkor va samarali javob beradigan amaliy tizim yaratish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, ta’lim tizimi tuzilmalari, Bosh prokuratura, Oliy sud vakillari, shuningdek, Bolalar ombudsmani, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahallalar uyushmasi va fuqarolik sektori vakillari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilari orasida Nemolchi.Uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko ham bo‘ldi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Markaziy Osiyoda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilgan birinchi davlat bo‘lganini, shuningdek, bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilganini eslatdi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik kerak. U real statistika ko‘pincha tanqiddan qo‘rquv va hisobotlarga rasmiy yondashuv sabab buzib ko‘rsatilishini qayd etdi.
“Inson taqdiri statistikadan ancha muhim. Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish qog‘ozda emas, amalda olib borilishi kerak”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari va mas’ul rahbarlarni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurash olib borishga chaqirdi.
Irina Matviyenko yig‘ilish yakunlarini sharhlar ekan, davlat organlarining hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi va idoralararo muvofiqlashtirish hamda ma’lumotlar bilan ishlash yangi bosqichga chiqishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ochiq va halol statistika muammolarni yashirishga emas, balki ularni samarali aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qator qonunchilikka oid o‘zgartishlarni imzolagan edi. Jumladan, 2024 yil kuzida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.