Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yong‘in qayd etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga ko‘p. Yong‘inlar oqibatida 67 kishi halok bo‘lgan, yana 102 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Bu haqda 17 dekabr kuni Favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, yong‘inlarning asosiy sababi hanuz inson omili bo‘lib qolmoqda — olovdan ehtiyotsiz foydalanish, shuningdek, isitish pechlari va elektr jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish. Qayd etilishicha, barcha yong‘inlarning 76 foizi turar joylarda sodir bo‘lgan.
Taqqoslash uchun, 2022 yilda mamlakatda 10 260 ta yong‘in ro‘yxatga olingan bo‘lib, oqibatda 170 kishi jarohatlangan, 98 nafar fuqaro vafot etgan. 2023 yilda 10 204 ta yong‘in sodir bo‘lgan, 172 kishi jarohat olgan, halok bo‘lganlar soni 79 nafarni tashkil etgan. 2024 yilning yanvar–oktabr oylarida esa qariyb 8 mingta yong‘in qayd etilib, 44 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Profilaktikani kuchaytirish maqsadida kuz faslidan boshlab respublikada bir qator kampaniyalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yong‘indan ehtiyot bo‘ling” umumrespublika dasturi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar hamda yong‘in xavfsizligi oyligi o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, vazir 1 yanvardan Toshkent viloyatida “Mahallani himoyalash” nomli pilot loyiha ishga tushirilishini ma’lum qildi. Loyiha doirasida isitish pechlari va tutun chiqarish quvurlariga professional xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyiha viloyatning bir qator tumanlari va Chirchiq shahrida amalga oshiriladi.
FVV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda 323 mingdan ortiq korxona va tashkilot yong‘in xavfsizligi bo‘yicha hisobda turadi. Tekshiruvlar davomida 1,3 milliondan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning aksariyati bartaraf etilgan. Qoidabuzarliklar uchun 52 ming nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, minglab obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Botir Qudratxo‘jayevning qayd etishicha, 16 yil avval qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi amaldagi qonun bugungi talab va sharoitlarga to‘liq mos kelmaydi. Shu bois yong‘in xavfsizligi sohasida yangi tartibga solish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va nazorat qilish tizimini raqamlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.