Turkiyadan O‘zbekistonga xalqaro qidiruvda bo‘lgan, jinoiy guruh yetakchisi sifatida tanilgan shaxs olib kelindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan, “Gryaz” laqabi bilan tanilgan 32 yoshli fuqaro 2023 yilda Yashnobod tumani IIB tomonidan qidiruvga e’lon qilingan. U 5 dekabr kuni Istanbuldan Toshkentga ekstraditsiya qilinib, tergov organlariga topshirilgan.
IIVning aniqlik kiritishicha, qidiruvdagi shaxs uzoq vaqt davomida Turkiya hududida yashirinib kelgan. Uni qo‘lga olish Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi ko‘magida amalga oshirilgan.
Mazkur shaxsga Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, qotillik yoki zo‘ravonlik bilan tahdid qilish, bosqinchilik, tovlamachilik, mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, shuningdek, jinoiy uyushma tuzish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Ish yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.