Toshkent shahar davlat yong‘in nazorati tomonidan poytaxtning yirik bozorlarida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar “Navro‘z” dehqon bozori, “Qo‘yliq” qurilish bozori, “Abu Saxiy” va “Urikzor” savdo markazlari, shuningdek “Farhod” va “Askiya” bozorlarini qamrab oldi.
Barcha obyektlarda yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol buzilishlari aniqlanib, bu holatlar odamlar hayotiga real xavf tug‘dirayotgani qayd etildi. Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra “Navro‘z”, “Qo‘yliq”, “Abu Saxiy” va “Farhod” bozorlarida ayrim hududlar hamda savdo nuqtalari elektr ta’minotidan uzildi. “Urikzor” savdo majmuasida esa to‘qqizta blok elektr tarmog‘idan uzilgan.
Eng og‘ir holat Yakkasaroy tumanidagi “Askiya” bozorida aniqlangan: obyekt to‘liq elektr ta’minotidan uzilib, uning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Nazorat organlari ta’kidlashicha, ko‘rilgan choralar biznesga qarshi emas — ularning maqsadi odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda yong‘in va favqulodda holatlarning oldini olishdan iborat.