O‘zbekiston qish mavsumida yoqilg‘i ta’minotini barqaror saqlash maqsadida qo‘shimcha choralarni ko‘rmoqda. Bu haqda 11 dekabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi. Chora-tadbirlar yoqilg‘i iste’moli oshgani hamda gaz zapravkalari faoliyatida vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgani fonida amalga oshirilmoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni benzin, dizel yoqilg‘isi va mazut bilan uzluksiz ta’minlash uchun kompleks choralar tasdiqlangan. Qish mavsumida dizel yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyoj 776 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Ushbu talabni qoplash uchun qariyb 740 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan 317 ming tonnasi “O‘zbekneftgaz”, 196 ming tonnasi Saneg kompaniyasi hisobidan, 227 ming tonnasi esa import orqali ta’minlanadi.
Shuningdek, vazir turizm oqimi va aviqatnovlar hajmi oshgani sabab aviayoqilg‘iga bo‘lgan talab ham ortayotganini qayd etdi. 223 ming tonna aviakerosin talabini qoplash uchun ichki ishlab chiqarish hajmini 168 ming tonnaga yetkazish va qo‘shimcha ravishda 74 ming tonna import qilish rejalashtirilgan.
Mirzamahmudov 1 sentyabrdan boshlab mamlakatda AI-80 markali benzin ishlab chiqarish to‘xtatilgani, 1 dekabrdan esa uning savdosi ham to‘liq bekor qilinganini eslatdi. Uning o‘rniga yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish hajmlari oshirilgan. Xususan, AI-92 va undan yuqori markadagi benzinlar ishlab chiqarish oyiga 80 ming tonnadan 100 ming tonnagacha ko‘paytirildi, shuningdek, qo‘shimcha zaxiralar shakllantirildi.
Bugungi kunda davlat gaz zaxirasidan tashqari, “O‘zbekneftgaz” tizimida qishki ehtiyojni qoplash uchun 85 ming tonna benzin zaxirasi yaratilgan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 11 oyida neft mahsulotlari importi 1,42 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga oshgan. Shundan dizel yoqilg‘isi importi 500 mln dollarni (+70%), benzin esa 441,7 mln dollarni (+14,3%) tashkil etgan. Jismoniy hajmda dizel yoqilg‘isi yetkazib berish deyarli ikki barobarga oshgan, benzin importi esa 12,6 foizga ko‘paygan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston kerosin xaridini ham keskin oshirdi: import hajmi 2,6 baravar, qiymat jihatidan esa uch baravardan ko‘proqqa ko‘paydi.