Toshkentdagi istirohat bog‘larida attraksionlar bo‘yicha rejadan tashqari tekshiruvlar boshlandi. Nazorat ishlari shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.
Bunga Andijondagi “Bog‘ishamol” bog‘ida attraksion qulab tushgani sabab bo‘ldi: metall tayanchning sinishi va zanjirlarning uzilishi oqibatida odamlar jabrlangan.
Tekshiruv davomida mutaxassislar konstruksiyalarning texnik holati, mexanizmlarning ishonchliligi, shuningdek, mahkamlovchi qurilmalar va xavfsizlik kamarlarining sozligini baholamoqda. Ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida mashhur bo‘lgan attraksionlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uskunalar bilan bir qatorda park xodimlari ham tekshiruvdan o‘tmoqda: ular favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibini bilishi va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak.
Tekshiruvlarning asosiy maqsadi — texnik nosozliklar xavfini kamaytirish va poytaxt aholisi uchun xavfsiz dam olish sharoitini ta’minlashdan iborat.