Yangiliklar
22.04.26
7462

Qariyb 5000 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya tomonida jang qilgan yoki qilmoqda — Ukraina loyihasi

Ukrainaning «Xochu jit» loyihasi Rossiya armiyasi safida jang qilgan yoki qilayotgan 4853 nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsini tasdiqladi. Yarim yil ichida bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravarga oshdi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinda turibdi.

Ukrainaning davlat loyihasi «Xochu jit» Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan yoki etayotgan 4853 nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsini tasdiqladi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinda turibdi.

Raqamlar oshishda davom etmoqda: o‘tgan yil oktabr oyida 2715 nafar O‘zbekiston fuqarosi haqida so‘z borgandi, ulardan 481 nafari halok bo‘lgani tasdiqlangan. Shunday qilib, bir necha oy ichida ma’lum ismlar soni deyarli ikki baravarga oshgan.

Mintaqaning boshqa davlatlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar quyidagicha: Tojikiston — 3407 kishi, Qozog‘iston — 2389, Qirg‘iziston — kamida 1439, Turkmaniston — 578. Umuman olganda, loyiha Rossiya armiyasi safida bo‘lgan Markaziy Osiyoning 12 666 nafar fuqarosi shaxsini tasdiqlagan.

Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada mintaqadan borgan mehnat migrantlariga armiyaga qo‘shilish evaziga pul va fuqarolik taklif etilmoqda yoki ular qamoq yoxud deportatsiya bilan shartnoma imzolash o‘rtasida tanlov qilishga majbur qilinmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi avvalroq tegishli organlar kelib tushayotgan ma’lumotlarni o‘rganayotganini bildirgan. Mamlakat sudlari esa jangovar harakatlarda qatnashgan fuqarolarga nisbatan yollanma jangchilik moddasi bo‘yicha muntazam hukmlar chiqarmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling