Toshkent Yo‘l harakatini tashkil etish markazi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari huzuridagi xususiy avtoturargohlarni yagona shahar boshqaruv tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirdi. Tashabbus ko‘chalarda tartib o‘rnatish, piyodalar yo‘laklarini bo‘shatish va shaharning gavjum hududlarida transport yuklamasini kamaytirishga qaratilgan.
Markaz tahlilchilariga ko‘ra, yuqori faollik kuzatiladigan hududlarda avtomobillarning 20–30 foizi qoidabuzarlik bilan parkovka qiladi. Natijada piyodalar yo‘laklari qisman to‘silib, ularning o‘tkazuvchanligi 40–60 foizga kamayadi. Eng tirband nuqtalarda esa transport oqimining 40 foizigacha bo‘lgan qismi faqat bo‘sh joy izlab aylangan avtomobillar hisobiga shakllanadi.
Yagona platforma avtoturargoh o‘rinlarini shaffof hisobga olish va ularning bandligini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradi. Tizimdan olinadigan qo‘shimcha daromadlarni yana shu hududlarga — yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Jahon tajribasi bunday yechimlarning samaradorligini tasdiqlaydi. San-Fransiskodagi SFpark dasturi parkovka izlash vaqtini 43 foizga qisqartirib, avtomobillar yurish masofasini 30 foizga kamaytirgan. Moskvada esa markazlashgan tizim qoidabuzarliklarni 64 foizga qisqartirgan, pullik parkovka hududlarida o‘rtacha harakat tezligi 56 km/soatgacha oshgan.
Pilot loyiha natijalari baholanib, jamoatchilik muhokamasidan so‘ng markaz loyihani butun shahar bo‘ylab joriy etishni rejalashtirmoqda.