Yangiliklar
23.10.25
7431

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining Tashqi aloqalar departamentiga yangi rahbar tayinlandi

Sardorbek Umurzoqov Prezident administratsiyasi tashqi aloqalar departamenti rahbari etib tayinlandi. U bu lavozimda Alisherbek Paygamov o‘rnini egalladi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Tashqi aloqalar departamenti rahbari o‘zgardi.

Alisherbek Azizovich Paygamov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan departament boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. Paygamovning yangi ish joyi hozircha aniqlanmagan.

Prezident farmoniga ko‘ra, ushbu lavozimga ilgari Prezident Administratsiyasida bosh inspektor lavozimida ishlagan Sardorbek Ulug‘bekovich Umurzakov tayinlandi.

Matbuot xizmati ta’kidlashicha, Sardorbek Umurzakov — ko‘p yillik tajribaga ega diplomat. 2006–2018 yillarda u Tashqi ishlar vazirligi tizimida hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2018 yildan boshlab Prezident Administratsiyasida, xususan tashqi siyosat masalalari bo‘yicha mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Avvalroq ayrim OAVlar uni sobiq Prezident Administratsiyasi rahbari va hozirgi Prezidentning strategik rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sardor Uktamovich Umurzakov bilan adashtirgan edi. Biroq so‘z u haqda emas, uning ism-sharifi o‘xshash boshqa shaxs — Sardorbek Umurzakov haqida ketmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Alisherbek Paygamov ilgari Prezident apparatida bir qator muhim lavozimlarni egallagan. 2018-yil avgust oyida Prezident ijro apparati Prezident Administratsiyasiga aylantirilgach, u uning rahbar o‘rinbosari etib tayinlangan, 2023-yil avgustidan esa Tashqi aloqalar departamentini boshqargan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling