4-noyabr kuni ertalab Qamchiq dovoniga birinchi qor yog‘di. Yo‘lning yuqori qismida qoplama sirpanchiq bo‘lgani sababli FVV, yo‘l inspeksiyasi hamda “Qamchiqavtoyo‘l” kompaniyasi xodimlari yo‘lni tozalash va muzlamaslik uchun qum-tuz aralashmasi bilan ishlov berishni boshladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruvchilar joyida navbatchilik qilib, qorli yo‘llarda qolib ketgan haydovchilarga yordam ko‘rsatmoqda va transport harakati xavfsizligini nazorat qilmoqda.
Vazirlik haydovchilardan maksimal darajada ehtiyotkor bo‘lishni, tezlikni cheklashni, masofani saqlashni hamda ob-havo sharoitini inobatga olishni so‘radi.
FVV ta’kidlashicha, yo‘lda diqqatni jamlash va qoidalarga amal qilish avariyalarning oldini olib, dovonni xavfsiz bosib o‘tishga yordam beradi.