2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston ichki ishlar organlarining 36 nafar xodimi jinoyat sodir etgan, yana 32 nafari xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzganlik uchun ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda 11-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aniqlangan holatlarning qariyb 75 foizi bevosita idoraning o‘zi tashabbusi bilan fosh etilgan. IIVning Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, har bir holat bo‘yicha materiallar prokuraturaga yuborilmoqda. Hodisalar haqidagi ma’lumotlar vazirlikning rasmiy sahifalarida ochiq e’lon qilinadi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari ijobiy tendensiyani ham qayd etdi: 60 ta holatda xodimlar ularga taklif etilgan poralardan bosh tortib, bu haqda o‘zlari Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasiga murojaat qilgan. Bunday holatlar rasman rag‘batlantiriladi.
Birinchi chorakda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida 10 nafar xodim halok bo‘lgan, yana 39 nafari jarohat olgan. Mart oyida prezident BMW avtomobilida voyaga yetmagan shaxs tomonidan urib ketilishi oqibatida halok bo‘lgan YPX inspektorini medal bilan taqdirlagan. Marhum ofitserning oilasiga uch xonali kvartira kalitlari topshirilgan.
Joriy yil boshidan buyon 11 nafar IIV xodimi davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan, idoraviy buyruqlar bilan 25 mingdan ortiq xodim rag‘batlantirilgan.