Yangiliklar
23.04.26
7359

Yosh oilalarga ipoteka bo‘yicha kompensatsiya beriladi: Mirziyoyev yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi farmonni imzoladi

2027-yildan boshlab O‘zbekistonda yosh oilalarga ipoteka bo‘yicha foiz to‘lovlarining Markaziy bank stavkasidan yuqori qismi kompensatsiya qilinadi. Shartga ko‘ra, har ikki turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi va so‘nggi uch yil ichida ularning nomida ko‘chmas mulk bo‘lmagan bo‘lishi kerak. Farmon ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash choralarini ham nazarda tutadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi va “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini tasdiqladi. Hujjat yosh oilalarga uy-joy bo‘yicha yordam ko‘rsatish hamda ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab birlamchi bozordan uy sotib olayotgan yosh oilalar ipoteka bo‘yicha foiz to‘lovlarining Markaziy bankning amaldagi 14 foizlik asosiy stavkasidan yuqori qismini byudjet hisobidan qoplab berilishiga umid qilishi mumkin. Dasturdan ariza topshirish vaqtida har ikki turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan va so‘nggi uch yil ichida ularning hech biri nomida ko‘chmas mulk bo‘lmagan oilalar foydalanishi mumkin.

Ta’lim yo‘nalishida esa farmon nodavlat o‘quv markazlari o‘qituvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi: yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglar xorijdagi yetakchi ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tash imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, chekka va borish qiyin hududlarda faoliyat yuritayotgan hamda xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan o‘quv markazlariga ochish va kengaytirish uchun 300,76 million so‘mgacha foizsiz ssudalar ajratiladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling