Yangiliklar
21.04.26
7394

Mirziyoyev ekologik sammit va Orol dengizi bo‘yicha yig‘ilishda ishtirok etish uchun Astanaga boradi

21–22-aprel kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Astanaga tashrif buyuradi. Dastur doirasida Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21–22-aprel kunlari ishchi tashrif bilan Qozog‘iston poytaxti Astanaga boradi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida Prezident ikki asosiy tadbirda — Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi. Muhokamalar markazida barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyodagi ekologik, iqlim va suv resurslariga oid dolzarb masalalar turadi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z baholari va takliflarini ham taqdim etishi kutilmoqda. Shuningdek, u milliy pavilyonlar namoyish etiladigan maxsus ekologik ko‘rgazma bilan tanishadi.

Sammitlar yakunida bir qator muhim hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling