O‘zbekiston Prezidenti Sog‘liqni saqlash vazirligida kadrlar tayinlovlariga oid qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, vazir o‘rinbosarlari tarkibi bir nechta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha yangilandi.
Otabek Sunnatovich Imomov Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimini Jaloliddin Sharafutdinovich Asamutdinov egalladi. U ushbu lavozimda boshqa ishga o‘tgan Alisher Boboyev o‘rniga tayinlandi. Shuningdek, Adham Yo‘supovich Xudayqulov va Sherzod Dilmuradovich Muhammadov vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. El’mira Basitxanova va Farhodjon Toshpulatov esa vazirlikdagi faoliyatini yakunladi.
Alohida e’tibor Ilhomjon Urinboy o‘g‘li Umurzakovning tayinlanishiga qaratilmoqda. U Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tishdan avval Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlagan hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamentiga rahbarlik qilgan. Uning vazirlikka kelishi mamlakat tibbiyot infratuzilmasiga DXSh mexanizmlarini faol joriy etish yo‘nalishi bilan bog‘lanmoqda.