Yangiliklar
20.05.26
7276

Toshkent metrosida masofaga qarab to‘lov tizimi joriy etiladi va “park and ride” avtoturargohlari paydo bo‘ladi

2027 yildan Toshkent metrosida yo‘l haqi bosib o‘tilgan bekatlar soniga qarab belgilanadi. Metro kirish qismlarida Park & Ride avtoturargohlari, o‘tish yo‘laklarida esa savdo nuqtalari paydo bo‘ladi. 2030 yilga borib stansiyalar soni 79 taga, kunlik yo‘lovchilar oqimi esa 1,8 million kishiga yetkaziladi.

O‘zbekiston prezidenti Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjatda 2030 yilgacha metro infratuzilmasini kengaytirish hamda mutlaqo yangi to‘lov tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

2027 yil 1 yanvardan boshlab metroda yo‘l haqi bosib o‘tilgan masofaga — ya’ni nechta bekatdan o‘tilganiga qarab hisoblanadi. Hozirda tarif qat’iy bo‘lib, avtobusdagi kabi 1700 so‘mni tashkil etadi. Differensial tariflar bilan birga kunlik, haftalik va oylik abonementlar hamda ayrim toifadagi fuqarolar uchun imtiyozlar joriy qilinadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda metropolitenga olti oy ichida aniq tarif takliflarini ishlab chiqish topshirildi.

2028 yil oxirigacha metro bekatlari yaqinida Park & Ride usulidagi tutib qoluvchi avtoturargohlar tizimini yaratish rejalashtirilgan. Haydovchilar avtomobilini shu yerda qoldirib, metroga arzonlashtirilgan tarif asosida o‘tishi mumkin bo‘ladi. Avtoturargoh to‘lovi esa yagona chipta tizimiga integratsiya qilinadi.

2029 yilga borib metro kirish va o‘tish hududlarida vending apparatlari hamda kichik savdo nuqtalarini o‘rnatishga ruxsat beriladi. Savdo qilish huquqi auksion orqali taqdim etiladi.

2030 yilgacha mo‘ljallangan rejalar ham katta. Poyezdlar harakati oralig‘i 2–3 daqiqagacha qisqartiriladi, stansiyalar soni 79 taga yetkaziladi, metro liniyalari uzunligi 103 kilometrga oshadi. Shuningdek, kunlik yo‘lovchilar oqimi hozirgi 790 mingdan 1,8 million kishigacha ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling