Ahangaron tumanida 7 sutkaga hibsga olingan 18 yoshli yigitning onasi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga video murojaat yo‘lladi. U huquq-tartibot organlari tomonidan bosim o‘tkazilgani, himoya huquqi buzilgani va o‘g‘liga nisbatan ish soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Voqea 18 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimining 14 yoshli qizga nisbatan noqonuniy harakatlari haqida video e’lon qilganidan so‘ng boshlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, PPS xodimi qiz va uning dugonasini shaxsiy avtomashinasida tog‘ tomonga olib chiqib, ularga nisbatan nomaqbul harakatlar qilgan.
Qiz yigitga o‘z geolokatsiyasini yuborgan, u esa do‘stlari bilan birga mashinani shahar tashqarisidan topgan. Hodisa paytida xodim qochishga uringan va mashina eshiklarini qulflagan, natijada guvohlardan biri jarohat olgan. Ushbu video internetda tez tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan.
Toshkent viloyati IIBB esa voqeani shaxsiy adovat asosida uyushtirilgan sahnalashtirish deb baholab, videodagi ma’lumotlar real holatni aks ettirmasligini bildirgan. Shundan so‘ng yigitdan uzr so‘rash videosi ham tarqatilgan va u 7 sutkaga hibsga olingan.
Yigitning onasi esa o‘g‘li faqat voyaga yetmagan qizni himoya qilishga uringanini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov jarayonida ichki ishlar xodimlari haqiqiy holatni yashirmoqda.
“Ular buni pedofil holat qilib ko‘rsatmoqchi”, — deya ta’kidlagan ona.
Shuningdek, u tuman IIB boshlig‘i video tasvirga olish vaqtida o‘g‘lining telefonini olib qo‘yganini, o‘ziga esa jismoniy kuch ishlatilganini ham iddao qildi. Onaning aytishicha, unga o‘g‘lining ozod etilishi evaziga ichki ishlar xodimlariga qarshi aybni o‘z zimmasiga olish taklif qilingan, u bunga rozi bo‘lgan, biroq shunga qaramay o‘g‘li hibsda qolgan.
Onaning aytishicha, advokatga mijozi bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. U buni qonunchilik buzilishi deb baholagan. Shuningdek, advokatga hibsdagi yigitga oziq-ovqat yetkazish ham rad etilgan.
Ayol o‘z murojaatini quyidagi so‘zlar bilan yakunlagan:
“Men shunchaki yolvoraman. Ona sifatida yordam so‘rayman”.
Hozircha holat yuzasidan rasmiy jarayonlar davom etmoqda.