O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi fuqarolarga biologik faol qo‘shimchalar (BFQ)ni xarid qilishda ehtiyot bo‘lishni va chalg‘ituvchi reklamaga ishonmaslikni tavsiya qildi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, aksariyat iste’molchilar BFQlarni televidenie, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarning ta’siri ostida xarid qilmoqda. Biroq bunday mahsulotlar ko‘pincha kutilgan natijani bermaydi, ayrim hollarda esa sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin.
Nazorat tekshiruvlari davomida o‘nlab qonunbuzarliklar aniqlangan: 2023-yilda tekshirilgan 397 namunadan 24 tasi, 2024-yilda 560 namunadan 95 tasi, 2025-yilda esa 618 namunadan 123 tasi standartlarga javob bermagani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, qo‘mitaga 2,3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 14 foizi biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari bilan bog‘liq. Regulyatorning ta’kidlashicha, bunday mahsulotlar dori vositasi emas va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan.
Qo‘mita faqat ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikatlangan vositalarni xarid qilishni, hamda har qanday qo‘shimchani ishlatishdan avval shifokor bilan maslahatlashishni qat’iy tavsiya etdi.