Yangiliklar
15.12.25
7288

Profilaktika inspektori o‘smirning o‘limidan so‘ng 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Samarqand viloyatida sud 17 yoshli o‘smirning o‘z joniga qasd qilishi ortidan profilaktika inspektorini sovuqqonlik va firibgarlikda aybdor deb topdi

Samarqand viloyatida profilaktika inspektori xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarash va firibgarlikda aybdor deb topilib, 2,5 yilga manzil-koloniyaga ozodlikdan mahrum etildi. Bunday hukm 4 dekabr kuni Payariq tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan chiqarildi. Sud qaroriga ko‘ra, ichki ishlar xodimining bosimi va qo‘rqitishi 17 yoshli o‘smirning fojiali o‘limiga olib kelgan.

Ish materiallariga ko‘ra, 20 fevral kuni IIBga Bulung‘ur tumanidagi “Kildon” mahallasida yashovchi voyaga yetmagan yigit amakisiga tegishli avtomobilni ruxsatsiz olib ketgani haqida xabar kelib tushgan. Ertasi kuni profilaktika inspektori Ikrom Hazratqulov o‘smirning qarindoshlari bilan birga uni Jizzax viloyatidan topib, qaytarib olib kelgan.

Sudda aniqlanishicha, inspektor o‘smirning yaqinlariga go‘yoki qilingan xarajatlarni bahona qilib, 400 ming so‘m talab qilgan, shuningdek, bir necha bor yigitni qamoq jazosi kutayotgani bilan qo‘rqitgan. Biroq bu holatlar bo‘yicha hech qanday protsessual hujjatlar rasmiylashtirilmagan, o‘smir esa uzoq vaqt davomida IIB xodimi nazorati ostida ushlab turilgan.

Uyga qaytgach, yigit kuchli ruhiy bosim ostida qolgan. Ertasi kuni u o‘z ustiga dizel yoqilg‘isi sepib, o‘ziga o‘t qo‘ygan. O‘smir og‘ir kuyishlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq ikki oydan ortiq vaqt o‘tib, 6 may kuni tibbiyot muassasasida vafot etgan.

Marhumning onasi sudda inspektor o‘g‘liga bosim o‘tkazib, qamoq bilan qo‘rqitganini, bu holatlar videoyozuvda qayd etilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fojia arafasida o‘smir ozodlikdan mahrum etilishdan qo‘rqayotganini ochiq aytgan.

Sudlanuvchi aybini qisman tan olgan, biroq pul talab qilish va tahdidlar bo‘lganini inkor etgan. Shunga qaramay, sud dalillar va guvoh ko‘rsatmalari majmuasi uning aybini to‘liq isbotlaydi, degan xulosaga kelgan.

Natijada inspektor Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik) hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam o‘limiga olib kelgan mansabdorlikka sovuqqonlik) bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga ozodlikdan mahrum etishdan tashqari, ikki yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash taqiqlandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling