O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘plab mahkumlarni afv etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu insonparvarlik aksiyasi 615 nafar jazoni o‘tayotgan shaxsga nisbatan qo‘llandi — ular qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va to‘g‘ri yo‘lga qaytish niyatini ko‘rsatgan.
«Bir guruh shaxlarni afv etish to‘g‘risida…»gi farmon mamlakatning jinoyat-ijro tizimida adolat va insonparvarlik tamoyillari ustuvorligini yana bir bor tasdiqladi.
Mahkumlarni jamiyatga qayta moslashtirishga qaratilgan afv quyidagi tartibda amalga oshirilgan:
To‘liq ozod etilganlar — 220 nafar. Ular asosiy jazoni o‘tashdan butunlay ozod qilindi.
Shartli ravishda muddatidan avval ozod etilganlar — 123 nafar.
Jazosi yengillashtirilganlar — 97 nafar. Ularga belgilangan jazo yumshatilgan tartibga almashtirildi.
Jazo muddati qisqartirilganlar — 175 nafar.
Afv etilganlar orasida turli toifadagi fuqarolar bor:
Xorijiy davlat fuqarolari — 9 nafar.
Ayollar — 29 nafar.
60 yoshdan oshgan erkaklar — 23 nafar.
Yoshlar — 264 nafar (shundan 2 nafari voyaga yetmaganlar).
Ta’qiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan — 9 nafar.
Farmonda tegishli vazirlik va idoralarga afv etilgan kishilarni oilasiga qaytishi va jamiyatga to‘liq moslashishida yaqindan ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan. Ularga ijtimoiy reabilitatsiya, kasbga yo‘naltirish, mehnatga jalb qilish va jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun zarur yordam ko‘rsatiladi.