Yangiliklar
29.10.25
7376

YUENSKO rahbari Odri Azule Parijdan uchgan ilk reys bilan Samarqandga yetib keldi

YUENSKO rahbari Odri Azule Parijdan uchgan ilk charter reysi bilan tashkilotning 43-Bosh konferensiyasida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi.

Bugun, 29-oktabr kuni, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule Parijdan Samarqandga uchgan ilk charter reysi bilan yetib keldi. U tashkilotning 43-Bosh konferensiyasi delegatsiyasi a’zolari bilan birga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonlarni O‘zbekiston hukumati va Samarqand viloyati rahbariyati vakillari kutib oldi.

2017-yildan beri YUNESKO’ni boshqarib kelayotgan Odri Azule uchun bu sessiya bosh direktor sifatidagi so‘nggi yig‘ilish bo‘ladi. Aynan Samarqandda tashkilotning yangi rahbari — Misr vakili, 54 yoshli Xolid al-Anani rasman lavozimga kirishadi. U YUNESKO Ijroiya kengashining 222-sessiyasida tasdiqlangan edi.

Forum arafasida Azule shunday dedi: “Ziddiyatlar ko‘pincha muloqotni soya ostida qoldirayotgan bir davrda, bunday uchrashuvlar mamlakatlar kelajagining o‘zaro bog‘liqligini eslatadi”.

Eslatib o‘tamiz, YUNESKO’ning 43-Bosh konferensiyasi so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida — Samarqandda o‘tkazilmoqda. Forum 30-oktabrdan 13-noyabrgacha davom etadi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling