Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqarov Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Fransiya Moliya vazirligining iqtisodiy xizmat rahbari Yan Koshinski, Fransiya taraqqiyot agentligining (AFD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Olivye Granvuayen, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov, “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi Bobur Abdinazarov hamda boshqa davlat va biznes vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va iqtisodiy hamda ijtimoiy yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor quyidagi yo‘nalishlarga qaratildi:
sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
suv resurslaridan oqilona foydalanish va ichimlik suvi tizimlarini modernizatsiya qilish;
energetika sohasida hamkorlik va barqaror energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish;
transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish.
Fransiya tomoni O‘zbekistonning tibbiyot va suv ta’minoti sohalaridagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, hamda amaliy natijalarga yo‘naltirilgan g‘oyalar almashinuvini faollashtirishga kelishib oldilar.