Yangiliklar
15.04.26
7339

Raqamsiz va maxsus chiroqlar bilan harakatlangan — Toshkentda Gentra’dagi yigitlar sud qarori bilan qamoqqa olindi

Toshkentda sud Gentra avtomobilida davlat raqamisiz va maxsus chiroqlar bilan harakatlangan ikki nafar yigitni qamoqqa olib, qolganlariga jarima tayinladi. Avtomobil jarima maydonchasiga olib qo‘yildi.

Toshkentda sud shahar bo‘ylab davlat raqamisiz va noqonuniy o‘rnatilgan maxsus chiroqlar bilan Gentra avtomobilida harakatlangan bir guruh yigitlarga nisbatan hukm chiqardi. Ishtirokchilardan ikki nafari 5 sutkadan ma’muriy qamoqqa olindi, uchinchi shaxsga esa 1,2 mln so‘m jarima belgilandi. Avtomobil egasi transport boshqaruvini haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarga bergani uchun 2,06 mln so‘m jarima to‘laydi.

YHXB matbuot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev ma’lum qilishicha, qoidabuzarlar qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan videokuzatuv kameralari yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida aniqlangan. O‘rganish jarayonida yigitlar tanib olinmaslik maqsadida avtomobil raqamlarini ataylab yechib, unga maxsus chiroqlar o‘rnatgani ma’lum bo‘lgan. Biroq ularning birortasida ham haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan.

Qoidabuzarlarning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi — “Mayda bezorilik” bilan baholandi. Avtomobil esa jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling