Yangiliklar
27.10.25
7409

O‘zbekistonda “yashil” energiyaning ulushi umumiy elektr ishlab chiqarish hajmining 23 foiziga yetdi

O‘zbekistonda “yashil” energiyaning ulushi 23 foizga yetdi. Yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari 9 milliard kVt·soat elektr ishlab chiqib, 2,7 milliard kub metr gazni tejashga yordam berdi.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi umumiy elektr ishlab chiqarish hajmining 23 foiziga yetdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

2025-yil boshidan buyon mamlakatdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari 9 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi — bu o‘tgan oyga nisbatan 1 milliard kVt·soatga ko‘p. Gidroelektrostansiyalarni ham hisobga olganda, “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 14,52 milliard kVt·soatni tashkil etdi.

Hozirda respublikada jami quvvati 4682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 5 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda.

Ularning ishlashi natijasida 2,73 milliard kub metr tabiiy gaz tejab qolingan hamda atmosferaga 4 million tonnagacha zararli moddalarning chiqarilishi oldi olingan.

“Bu miqdordagi elektr energiyasi 7,5 millionta xonadonning 10 oylik yoki 6 million oilaning bir yillik ehtiyojiga teng,” — deyiladi Energetika vazirligi bayonotida.

Taqqoslash uchun, iyul oyida “yashil” energiyaning ulushi umumiy ishlab chiqarish hajmida 20,3 foizni tashkil etgan edi. Shu tariqa, so‘nggi uch oy ichida ko‘rsatkich qariyb 3 foiz punktga oshdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq 2030-yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi mamlakatdagi umumiy elektr ishlab chiqarish hajmining 54 foiziga yetkazilishini maqsad qilganini ta’kidlagan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling