Yangiliklar
22.04.26
7428

JSST direktori: Orol dengizini tiklash insonlar salomatligidan boshlanishi kerak

JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Hans Klyuge Orol dengizi mintaqasini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarda aholi salomatligini asosiy ustuvor yo‘nalishga aylantirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ayollar va bolalar orasida anemiya, qalqonsimon bez faoliyati buzilishi hamda reproduktiv salomatlik bilan bog‘liq muammolar o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan bir necha baravar yuqori darajada qayd etilmoqda.

JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori doktor Hans Klyuge Ostonada bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit arafasida e’lon qilingan maqolasida Orol dengizi mintaqasini tiklash jarayonida asosiy e’tibor insonlar salomatligiga qaratilishi kerakligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida asosiy urg‘u ekologik tiklanishga berilib kelgan, biroq falokatning aholi salomatligiga ta’siri e’tibor chetida qolib ketgan. Eng og‘ir zarbani esa ayollar va bolalar boshdan kechirmoqda. So‘nggi 10 yil ichida mintaqada anemiya darajasi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘lib qolgan: bolalar orasida — 2,5 baravar, ayollar orasida — 2,7 baravar yuqori. Homilador ayollarning 77 foizida anemiya qayd etilgan. Bundan tashqari, qalqonsimon bez faoliyati buzilishi, bepushtlik va perinatal yo‘qotishlar keng tarqalgan. Bolalarda esa surunkali nafas yo‘llari kasalliklari va rivojlanishdagi muammolar xavfi yuqori.

Klyuge bu holatni alohida hodisalar emas, balki toksik chang, ifloslangan suv va degradatsiyaga uchragan tuproq ta’sirining avloddan avlodga o‘tib kelayotgan barqaror oqibatlari sifatida baholaydi. Iqlim o‘zgarishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Krizisga javob sifatida JSST tomonidan Qozog‘iston va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirliklari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Orol dengizi mintaqasi uchun sog‘lom kelajak” tashabbusi taklif etilmoqda. U epidemiologik nazoratni kuchaytirish, ichimlik suvi va havo sifatini yaxshilash, chang bo‘ronlari bo‘yicha erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish hamda sog‘liqni saqlashga investitsiyalarni oshirishni nazarda tutadi.

Ostonadagi sammitda Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolashi rejalashtirilgan. Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon esa Kaspiy dengizi suv sathining pasayishi bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qiladi.

“Sammit natijalariga imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki 2030 yilda Orol dengizi mintaqasida tug‘ilgan bola bugun tug‘ilgan bolaga qaraganda sog‘lomroq bo‘ladimi-yo‘qmi, shunga qarab baho beriladi”, — deya xulosa qiladi Klyuge.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling