Yangiliklar
14.04.26
7387

O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi 20 foizga oshdi — yetakchilar Andijon va Surxondaryo

O‘zbekiston ishbilarmonlik faolligi indeksi 1 206 punktga yetdi — bir oyda 20,6 foiz o‘sish qayd etildi. Yetakchilar Andijon va Surxondaryo viloyatlari. Birja bitimlari ikki baravar oshdi.

O‘zbekiston ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFA) mart oyida 1 206 punktga yetdi — bu fevralga nisbatan 20,6 foizga, bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan esa 22,7 foizga yuqori. Bu ma’lumotlar Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan e’lon qilindi.

Birja va savdo

O‘sishning asosiy omili tovar-xomashyo birjasidagi faollik bo‘ldi: xomashyo xaridlari hajmi 46,2 foizga oshib, umumiy aylanma 7 460 mlrd so‘mni tashkil etdi. Ayniqsa, azot-fosfor o‘g‘itlari xaridi 93 barobar, armatura 6,5 barobar, qora metall prokati esa 4 barobar oshgani qayd etildi. Tuzilgan bitimlar soni ikki baravar ko‘paygan.

Banklar va hududlar

Banklararo to‘lov operatsiyalari soni 7 milliondan oshib, 4,3 foizga ko‘paydi. Ishbilarmonlik faolligi mamlakatning barcha hududlarida o‘sish qayd etdi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Andijon viloyati (+47,8%) va Surxondaryo viloyatiga (+43,7%) to‘g‘ri keldi.

Biznes muhiti

Amaldagi korxonalar soni 2 557 taga oshib, 511 mingga yetdi. Yirik biznes 558 ta kompaniyaga ko‘payib, 4 719 taga yetdi. Kichik korxonalar soni 2 200 taga oshdi. Faqat savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish (-8,1%) va fermer xo‘jaliklari sonida biroz pasayish kuzatildi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha so‘nggi hisobotida O‘zbekistonning yaqin yillardagi iqtisodiy rivojlanish prognozlarini sezilarli darajada yaxshilagan edi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling