O‘zbekistonda suv va alkogolsiz ichimliklarni raqamli markirovka qilish tizimida agregatsiya joriy etilishi kechiktiriladi. Bu qaror prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, deb xabar berdi biznes-ombudsman Abduqahhor Buriev.
Agregatsiya — bu mahsulotning alohida qadoqlarini yirik partiyalarga birlashtirish orqali raqamli kuzatuvni ta’minlash tizimidir. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, talablar 1-apreldan kuchga kirishi kerak edi. Biroq o‘tkazilgan monitoring shuni ko‘rsatdiki, bozordagi ulushining qariyb 90 foizini nazorat qiluvchi eng yirik o‘nta ishlab chiqaruvchidan yarmi yangi tizimga tayyor emas. Og‘riqli o‘tishning oldini olish maqsadida muddatlar uzaytirildi.
Shu bilan birga, jarimalar tizimi ham yumshatiladi. Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Aziz Umrzaqovning ma’lum qilishicha, kompaniya aylanmasining 2 foizi miqdoridagi amaldagi sanksiya qoidabuzarlik og‘irligiga nomutanosib deb topilgan. Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida jarimani umumiy daromadga bog‘lash amaliyoti to‘liq bekor qilinadi — uning o‘rniga qat’iy belgilangan jarima summalari joriy etiladi. Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun sanksiyalar ham kamaytirilgan tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.